Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida umumiy tushuncha
Aholi sonini ro‘yxatga olish mamlakatda yashovchi barchaga tegishli bo‘lgan demografik, iqtisodiy va ijtimoiy ma’lumotlarni yig‘ish, umumlashtirish, baholash, tahlil va e’lon qilishning yagona jarayonidir.
U aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning asosiy manbai bo‘lib, kelgusi 10-20 yillik rivojlanishning prognoz ko‘rsatkichlarini hisoblash uchun ishonchli poydevor yaratadi. Aholi migratsiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar shakllantiriladi. O‘z navbatida, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash va oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha dasturlarni manzilli ishlab chiqishda axborot tarzida foydalaniladi. Aholi sonini ishonchli hisoblash bo‘yicha rasmiy statistika tizimida asosiy rol o‘ynaydi.
aholini ro‘yxatga olish — O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning muayyan hududlarida o‘tkaziladigan, belgilangan sanada aholining demografik va ijtimoiy-iqtisodiy tavsiflarini belgilovchi shaxsga doir ma’lumotlarni yig‘ish hamda ularga ishlov berish davriy jarayoni;
aholini ro‘yxatga olish sanasi — aholi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yig‘ish va hisobga olish amalga oshiriladigan aniq payt (yil, oy, kun va soat);
respondentlar — aholini ro‘yxatga olish sanasida O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi, lekin aholini ro‘yxatga olish sanasida uning hududidan tashqarida bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;
ro‘yxatga olish varag‘i — ko‘rsatilgan savollar bo‘yicha shaxsga doir ma’lumotlarni yozib olish uchun belgilangan shakldagi blanka;
ro‘yxatga olish hujjatlari — aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayoniga taalluqli hujjatlar majmui;
ro‘yxatga oluvchi xodimlar — O‘zbekiston Respublikasining aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rishga va uni o‘tkazishga jalb etilgan, maxsus o‘quvdan o‘tgan voyaga yetgan fuqarolari;
uy xo‘jaligi — bitta turar joyda yoki uning bir qismida birgalikda yashaydigan, o‘zini yashash uchun barcha zarur narsalar bilan ta’minlaydigan, umumiy xo‘jalik yuritadigan, pul mablag‘larini to‘liq yoki qisman birlashtiradigan va sarflaydigan shaxslar yig‘indisi. Bu shaxslar qarindoshlik munosabatlarida bo‘lishi yoki bo‘lmasligi mumkin. Uy xo‘jaligi bitta shaxsdan iborat bo‘lishi mumkin.
Aholini ro‘yxatga olishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat
aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash, xotin-qizlar va bolalar yashash shart-sharoitlarini yaxshilash, oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralarni ishlab chiqish maqsadida aholi tarkibidagi, mamlakatning demografik vaziyatdagi o‘zgarishlarni baholashga doir ma’lumotlar bazasini kengaytirish; shaharlarni va boshqa aholi punktlarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning, mehnat resurslarini joylashtirish hamda ulardan foydalanishning uzoq, o‘rta va qisqa muddatli prognozlari hamda dasturlarini tayyorlash; aholini ro‘yxatga olishlar oralig‘idagi davrda aholi soni va tarkibining joriy hisobini, hisob-kitoblarini hamda prognozlarini amalga oshirish; ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish.